Apple birinchi buklanadigan telefoni — iPhone Duo'ni taqdim etdi
Kompaniyaning 9-sentabrdagi "Surprise and Shine" taqdimotida e'lon qilingan iPhone Duo 7,6 dyuymli ichki ekran, A20 Pro chipi va 1999 dollardan boshlanuvchi narxga ega.

Apple yillar davomida tarqalib yurgan mish-mishlardan so'ng, nihoyat o'zining birinchi buklanadigan smartfonini — iPhone Duo'ni rasman taqdim etdi. Qurilma kompaniyaning 9-sentabr kuni bo'lib o'tgan "Surprise and Shine" nomli maxsus tadbirida e'lon qilindi va Samsung hamda boshqa raqobatchilar egallab turgan buklanadigan smartfonlar bozoriga Apple'ning rasmiy kirishini anglatadi.
iPhone Duo yopiq holatda 5,4 dyuymli tashqi ekranga, ochilganda esa 7,6 dyuymli katta ichki displeyga ega bo'ladi. Qurilma 5-toifali titan korpusda ishlab chiqarilgan bo'lib, 100 dan ortiq qismdan tashkil topgan maxsus sharnir mexanizmi bilan jihozlangan — bu Apple'ning buklanish uzoq muddat davomida ekranga zarar yetkazmasligini ta'minlashga qaratilgan yechimi hisoblanadi.
Qurilma yurogida A20 Pro chipi joylashgan: 6 yadroli protsessor A19 Pro'ga nisbatan 20 foizgacha tezroq ishlaydi, 7 yadroli grafik protsessor esa 40 foizgacha yuqori unumdorlik ko'rsatadi. Sun'iy intellekt vazifalari uchun ikkita 16 yadroli Neural Engine birlashtirilgan bo'lib, bu oldingi avlodga nisbatan hisoblash quvvatini ikki baravar oshiradi.
Kamera tizimi 48MP Dual Fusion asosiy modulidan iborat. Old tomonda esa ikkita kamera joylashgan: tashqi ekranda odamlarni kadrga sig'dirish uchun kengroq burchakka ega 12MP Centre Stage kamerasi, ichki ekran ostida esa FaceTime qo'ng'iroqlari uchun yashirin kamera o'rnatilgan. Barmoq izi skaneri esa yon tugmaga joylashtirilgan Touch ID orqali amalga oshiriladi.
iPhone Duo narxi 256GB xotira hajmi bilan 1999 dollardan boshlanadi. Qurilmani oldindan buyurtma qilish 16-oktabrdan boshlanadi, savdoga esa taxminan 70 mamlakat va hududda 23-oktabrda, qo'shimcha 28 mamlakatda esa 30-oktabrda chiqariladi.



