Anthropic Claude ney tarmog'ini Rossiya kompaniyalari uchun blokladi
Anthropic kompaniyasi 12-noyabrdan boshlab Rossiya tashkilotlari, jumladan chet eldagi xodimlar uchun ham Claude xizmatlaridan foydalanishni chekladi.

Claude ney tarmog'ini ishlab chiqaruvchi Amerikaning Anthropic kompaniyasi qo'llab-quvvatlanmaydigan mamlakatlar, jumladan Rossiya tashkilotlari uchun o'z xizmatlariga kirish qoidalarini keskinlashtirdi. Yangilangan tartib joriy yilning 12-noyabridan boshlab amal qilishni boshladi.
- Yangi cheklovlar Rossiyada ro'yxatdan o'tgan kompaniyalarga taalluqli.
- Xodimlarning qaysi davlatda joylashgani endi ahamiyatga ega emas.
- Taqiq Claude.ai, Claude Code, API va bulutli platformalarni qamrab oladi.
Yangi hududiy siyosatga ko'ra, cheklovlar nafaqat bosh qarorgohi Rossiyada joylashgan, balki ushbu davlat fuqarolari yoki yuridik shaxslari tomonidan bevosita yoki bilvosita nazorat qilinadigan barcha kompaniyalarga nisbatan qo'llaniladi. Natijada, Rossiya tashkilotlari o'z xodimlari chet elda ishlayotgan bo'lsa ham Claude xizmatlaridan foydalana olmaydi. Bungacha asosiy e'tibor foydalanuvchilarning geografik joylashuvi va IP-manzillariga qaratilgan edi.
Qattiqlashtirilgan shartlar Claude.ai, Claude Code, Cowork, API hamda bulutli platformalar va vakolatli vositachilar orqali taqdim etiladigan modellarga birdek taalluqlidir. Anthropic bu choralarni noldan boshlangan taqiq emas, balki avval mavjud bo'lgan hududiy cheklovlarning aniqlashtirilishi va kengaytirilishi ekanini alohida ta'kidlab o'tdi.
Bunday qadamlar mahalliy biznes va dasturchilar uchun sun'iy intellektning muqobil vositalariga o'tishni talab qiladi. Ilgari chet eldagi xodimlar orqali cheklovlarni chetlab o'tib kelgan kompaniyalar endi rasmiy ravishda Claude ekotizimidan foydalana olmaydi. Bu esa bozorni mahalliy yoki muqobil xalqaro ney tarmoqlarini qidirishga undaydi.
Manba: iXBT.com



