AQSh va Kanada haydovchilik guvohnomalari tarmoqda sotuvga qo'yildi
Darknetda 153 milliondan ortiq haydovchilik guvohnomalarining raqamli nusxalarini sotayotgan yangi xizmat yuzasidan FQB rasmiy tergov boshladi.

Darknet tarmog'ida AQSh va Kanada fuqarolariga tegishli 153 milliondan ortiq haydovchilik guvohnomalarining raqamli nusxalarini sotishga mo'ljallangan yashirin xizmat ishga tushirildi. Ushbu holat shaxsiy ma'lumotlar xavfsizligi va kiberxavfsizlik sohasida jiddiy xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.
KrebsOnSecurity nashrining surishtiruviga ko'ra, sotuvga qo'yilgan ma'lumotlar egasining shaxsi tasdiqlangan va jabrlanganlar bilan o'tkazilgan intervyular orqali ma'lumotlarning haqiqiyligi tasdiqlangan. Taxminlarga ko'ra, sizib chiqqan suratlar Luiziana shtatida joylashgan va keng qo'llaniladigan shaxsni tasdiqlovchi kompaniya tizimidan o'g'irlangan.
Ushbu hodisadan so'ng, AQSh Federal qidiruv byurosining (FQB) Nyu-Orlean bo'limi mazkur holat yuzasidan rasmiy tergov boshladi. Huquq-tartibot idoralari ma'lumotlarning qanday qilib o'g'irlangani va uning ortida kimlar turganini aniqlash ustida ishlamoqda.
Mazkur voqea butun dunyoda, jumladan O'zbekistonda ham raqamli identifikatsiya va mijozlar ma'lumotlarini saqlash xavfsizligi qanchalik muhimligini yana bir bor ko'rsatadi. Markazlashgan va uchinchi tomon xizmatlarida saqlanadigan shaxsiy ma'lumotlar har doim kiberjinoyatchilarning asosiy nishoni bo'lib qolmoqda.



